YOSHLAR GILAM TO`QISHNI BEPUL O`RGANISHADI




YOSHLAR GILAM TO`QISHNI BEPUL O`RGANISHADI

 

Bugungi kunda yoshlarga e`tibor davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan bo`lib,  yoshlarning bo`sh vaqtlarini unumli o`tkazishlari uchun yurtimizda "Respublika yoshlar markazi" Navoiy viloyati bo'linmasi" Navoiy shahrida turli yo`nalishlardagi to`garaklar faoliyat yuritmoqda. Shulardan “Mohir qo`llar” to`garagi markazdagi  gavjum to`garaklardan biri bo`lib, bugungi kunda uch yo`nalishda,  ya`ni  milliy qo`g`irchoqlar yasash, tikuvchilik va gilamdo`zlik kabi yo`nalishlarida darslar berib borilmoqda.  To`garak rahbari Latofat Xusanova ushbu yo`nalishda o`quvchilarga dars berib kelmoqda. To`garakning tikuvchilik yo`nalishida,  milliyligimiz yo`g`rilgan zamonaviy liboslar tikish va bichish hamda dozaynini yaratish sirlari o`rgatiladi. Bu yerda o`quvchilar nafaqat tikuvchilik bilimlaridan, balki dizaynerlik haqida ham bilimlarga ega bo`lib kelishmoqda.

“Milliy qo`g`irchoqlar yasash” to`garagida  ekologik sof va o`zbek urf-odatlariga mos bo`lgan o`yinchoq hamda qo`g`irchoqlar tayyorlash  o`quvchilarga  o`rgatiladi. O`quvchilar nafaqat  bolalar uchun o`yinchoqlar balki, tomosha teatrlari uchun ham qo`g`irchoqlar  yasashni bilib olishmoqda. To`garakning  uchinchi yo`nalishi “Gilamdo`zlik”  yo`nalishi  bo`lib, bu yo`nalishda o`quvchilar o`zbek gilamchiligini o`rganadilar. To`garak rahbari o`quvchilarga tabiiy  iplardan gilam to`qishni o`rgatib kelmoqda. O`quvchilar to`qigan gilamlar viloyat miqyosidagi ko`rgazmalarda namoyish etilmoqda.

– Men qo`g`irchoqlarni juda yaxshi ko`raman. Chunki qo`g`irchoqlar bolalarga quvonch bag`ishlaydi. Shuning uchun ham qo`g`irchoqlar  yasashni  o`rganyapman. Markazga qatnay boshlaganimdan beri bo`sh vaqtimdan unumli foydalanishga harakat qilyapman, – deydi to`garakning faol a`zosi Sabina Rahmatova.