"Yurtim yoshlari hayoti" ko`rik-tanlovi yakunlandi




"Yurtim yoshlari hayoti" ko`rik-tanlovi yakunlandi

Bugun “Yoshlar ijod saroyi”da Respublika yoshlar markazining hududiy bo‘linmalaridagi “Tasviriy san’at” to‘garaklariga a’zo yoshlar o‘rtasida “Yurtim yoshlar hayoti” respublika tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti hamkorligida respublikamizning chekka hududlarida yashayotgan iqtidorli yoshlarni topish, ularning iste’dod va mahoratlarini yuzaga chiqarish, ma’naviy olamini boyitish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda eng yaxshi ijodiy ishlar ko‘rgazmalarini tashkil etish maqsadida o‘tkazildi.

Tanlovning quyi bosqichlari joriy yilning 2-18-iyun kunlari Respublika yoshlar markazi hududiy bo‘linmalari hamda mehribonlik uylarida tashkil etilgan “Tasviriy san’at” to‘garaklari a’zolari o‘rtasida ikki yosh toifasi(10-14; 15-18)da bo‘lib o‘tdi.

Final bosqichida hududlardan g‘olib deb topilgan 28 yosh ikkita shart asosida bellashdi. Birinchi shartda yosh mo‘yqalam egalari tasviriy san’atning turli yo‘nalishlarida chizgan ijodiy ishlarini oldindan taqdim etishdi.

Ikkinchi shartda ijodkorlarning iste’dodlarini sinovdan o‘tkazish hamda tanlovning shaffofligini ta’minlash maqsadida ularga naturmort kompozitsiyasini chizish topshirildi.

Bu orada tanlovning final bosqichini tomosha qilish maqsadida tashrif buyurgan ishtirokchilar uchun Yoshlar markazlarining to‘garak a’zolari hamda estrada yulduzlari ishtirokida bayramona dastur tashkil etildi. Dasturdan o‘rin olgan she’riy kompozitsiya, milliy va zamonaviy raqs, yosh ijrochilar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar davraga ko‘tarinki kayfiyat bag'ishladi.

Ishtirokchilarga o‘zlariga topshirilgan naturmort kompozitsiyasini chizish uchun 3 soat vaqt berildi.

– Taniqli rassomlar ijodiy ishlarini chizish orqali tajriba oshirsak, badiiy kitoblar o‘qib o‘zimizning yangi ishlarimizni yaratishga muvaffaq bo‘lamiz, – deydi tanlov ishtirokchisi Nilufar Anvarova. – Men ustozlarimning turli yo‘nalishdagi tasvirlarini kuzataman. Naturmort va manzara yo‘nalishida yangilik qilishga ulgurmadim, ammo dizayn yo‘nalishida ishlarim bor.

– Bu tanlov chekka-chekka qishloqlardagi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilyapti. Biz tashkil etgan to‘garaklar ham aynan shunday yoshlarga mo‘ljallangan. Maqsadimiz – yilt etgan iste’dodi bor yoshni qo‘llab-quvvatlash, yuzaga chiqarishdan iborat, – deydi Respublika yoshlar markazi direktori Husniddin Mamadiyev.

Tanlovda imkoniyati cheklangan va mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan iste’dod sohiblari ishtirok etmoqda va bu yoshlarning boshqalardan farqli tomoni o‘zlari tasavvur qilib san’at asari yarata olishlaridadir.

Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, Gulsinoyning yutuqlari birmuncha. O‘z ustida muntazam ishlaydi. Albatta har bir bolaning kamolida ota-onaning hissasi bo‘ladi. Yosh rassomning dadasi Shokirjon aka ham ana shunday insonlardan:

– Qizim o‘z bilganicha rasmlar chizardi. Bir kuni tumanimizdagi "Yoshlar markazi"da “Tasviriy san’at” to‘garagiga olib borgandek, dastavval, markaz uyimizdan uzoq bo‘lganligi uchun o‘zlari kelib o‘qitadigan bo‘lishdi. Oradan vaqt o‘tib "Yoshlar markazi" uyimiz oldidagi akademik litseyga ko‘chirildi. Shundan so‘ng, do‘stlariga qo‘shilsin, ko‘ngli yorishsin deb o‘zimiz to‘garakka olib boradigan bo‘ldik. Baribir ustoz ko‘rgan boshqacha ekan, tez orada ijobiy natijalarga erishdi, mana bugun respublika tanlovida ishtirok etyapti, biz onasi bilan Yoshlar ittifoqiga hamda "Yoshlar markazi"ga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Tanlov jarayonida hakamlar hay’ati a’zolari yoshlarning turli yo‘nalishdagi ijodiy ishlarini birma-bir ko‘rib baholashdi, shuningdek, vazifa sifatida berilgan naturmortlariga ham xolis baho berishdi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar tomonidan chizib bitkazilgan ishlar tomoshabinlar uchun namoyish etildi.

Va nihoyat, g‘oliblar aniqlandi. 10-14 yosh toifasida birinchi o‘rinni Toshkent viloyatidan Olimjon Abduqayumov qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin xorazmlik Marjona Galdiyeva va uchinchi o‘rin Navoiy viloyatidan Marjona Hamidovalarga nasib etdi.

15-18 yosh toifasida esa birinchi o‘rinni jizzaxlik Nozimaxon Oltmishova egalladi. Ikkinchi o‘rin xorazmlik Shahnoza Saidovaga, o‘chinchi o‘rin Qashqadaryodan Muhriddin Qurbonovga nasib etdi.

– Tanlovda qatnashib katta tajriba va ko‘plab do‘stlar orttirdim. Muhimi, inson doimo harakatda bo‘lishi kerak ekan. Endi o‘z ustimda ko'proq ishlayman, – deydi 15-18 yosh toifasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Nozimaxon Oltmishova.

Tanlov so'ngida, Respublika yoshlar markazi tomonidan har ikki yosh toifasidagi barcha hududiy bosqich g'oliblariga diplom hamda "Artel" mobil telefonlari berildi.

Bundan tashqari, respublika bosqichida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan g'oliblarga diplom va so'nggi rusumdagi planshet, ikkinchi-uchinchi o'rin sohiblariga ham diplom va rassomchilik anjomlari taqdim etildi.